O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.
Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a‘zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma‘rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha‘ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Respublikamiz davlat bayrog‘idagi ramzlar O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an‘analarini o‘zida mujassamlashtirgan.