Sanoqli kunlardan keyin yangi o‘quv yili boshlanadi. Bu ustoz va murabbiylar, yoshlardan alohida tayyorgarlik, ta’lim-tarbiya jarayoniga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Bugun beradigan saboqlarimiz, oladigan bilimlarimiz ertangi kunimizni belgilab beradi. Shu jihatdan, Qo‘shko‘pir tumanidagi 4-sonli AFCHO‘Mda uchinchi “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tdi.
Forum avvalida Qo‘shko‘pir tuman hokimi Shuhrat Axmedov ishtirok etib, barcha pedagoglarni mustaqilligimizning o‘ttiz uch yillik bayrami hamda “Bilimlar kuni” bilan tabrikladi. Shuningdek, tizimda so‘nggi yillarda olib borilgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi va Milliy forumda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan, faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktab jamoalarini hamda pedagoglarni tuman hokimining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirladi. Taqdirlash marosimida sohada ko‘p yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan faxriy ustozlar so‘zga chiqib, ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor xususida, pedagog kasbining jamiyat, kelajak avlod oldidagi mas’uliyati haqida so‘z yuritdi. Shu bilan bir qatorda Qo‘shko‘pit tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Shokir Jumaniyozov tadbir ishtirokchilarini “Bilimlar kuni” bilan tabriklab timizda qilingan ishlar hamda taʼlim sifatini oshirish yuzasidan chora- tadbirlar va ustuvor vazifalar bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir davomida ijodkor va san’atkor yoshlarning ijodiy chiqishlari bilan yanada qizg‘in tus oldi.