Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 30-iyundagi 216-son hamda 8-sentabrdagi 336-son buyruqlariga muvofiq, joriy o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari tashkil etilishi belgilangan.🔹 Bugun Qo‘shko‘pir tumanidagi 2-maktabda “Boshlang‘ich ta’lim” fani o‘qituvchilari uchun navbatdagi “Kasbiy rivojlanish kuni” mashg‘ulotlari boshlandi. Tadbirni tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sh. Jumaniyozov ochib berdi.
Ochilish marosimida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan raqsli chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Hozirda o‘qituvchilar guruhlarga bo‘lingan holda o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini olib bormoqdalar. Unda ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan yangi metodikalar muhokama qilinmoqda, tajriba almashilmoqda hamda kasbiy mahoratni oshirishga qaratilgan yangi bilimlar berilmoqda.